Islomobod shahrida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston–Pokiston biznes forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “HRL Group” kompaniyasi raisi Zohid Rafiq bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“HRL Group” kompaniyalar guruhi qurilish, tog‘-kon sanoati va energetika sohalarida faoliyat yurituvchi yirik xalqaro korxonalardan biri hisoblanadi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston tajribasini qo‘llagan holda Pokiston hududidagi mis, oltin va o‘ta muhim minerallar konlarida qo‘shma geologiya-qidiruv ishlarini olib borish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, ushbu uchrashuvlar doirasida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi “HRL Group” kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri maslahatchisi B.Narmatov va “Uzbek Overseas Geology Company” MChJ bosh direktori X.Omonov muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki davlat o‘rtasida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirishga qaratilgan o‘zaro hamkorlik memorandumini imzoladilar.
Ushbu kelishuv O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida tog‘-kon va geologiya sohalaridagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.