Telegram
Instagram
Facebook

Yangiliklar

45

Surxondaryoda yangi sanoat markazi: xalqaro hamkorlik va iqtisodiy o‘sishga yo‘l ochayotgan “UOGC Termiz branch” MChJ loyihasi

Surxondaryo viloyatida sanoat salohiyatini oshirish, investitsiyalarni jalb etish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan navbatdagi yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 25-yanvardagi “Afg‘onistondagi mineral-xomashyo resurslarini hamkorlikda o‘zlashtirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida “Uzbek Overseas Geology Company” MChJga Termiz erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi maqomi berildi.

Mazkur qaror asosida kompaniya tomonidan filial yoki shu‘ba korxona tashkil etish uchun yer maydonlari o‘rganildi. Taqdim etilgan hujjatlar va belgilangan koordinatlarga asosan umumiy maydoni 2,43 gektarni tashkil etuvchi hududning 2 gektar qismi ochiq auksion savdolariga chiqarildi. O‘tkazilgan auksion yakunlariga ko‘ra, “Uzbek Overseas Geology Company” MChJ g‘olib deb topildi.

Natijada kompaniyaning Termiz shahridagi shu‘basi “UOGC Termiz branch” MChJ nomi bilan tashkil etildi va rasmiy ravishda “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi faol ishtirokchisiga aylandi.

Bugungi kunda “UOGC Termiz branch” MChJ tomonidan erkin iqtisodiy zona hududida yirik investitsion loyihalar qurilishi boshlab yuborilgan. Xususan, granit plitalar ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga qaratilgan zamonaviy sanoat majmuasi barpo etilishi rejalashtirilmoqda.

Kuni kecha Surxondaryo viloyati hokimi U.Qosimov, Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri maslahatchisi B.Narmatov va “Uzbek Overseas Geology Company” MChJ rahbariyati va xodimlari “Termiz” erkin iqtisodiy zonasida bo‘lib, mazkur loyiha doirasida qurilishi rejalashtirilgan bo‘sh maydonlar bilan tanishdilar. Loyihaning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, ishlab chiqarish quvvatlari va kelgusidagi rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.

Ushbu loyiha nafaqat hududiy sanoatni rivojlantirish, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham muhim hissa qo‘shadi. Xususan, granit mahsulotlari ishlab chiqarish orqali import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hajmi oshiriladi, eksport salohiyati kengayadi hamda qo‘shimcha valyuta tushumlari ta’minlanadi. Shu bilan birga, loyiha doirasida yangi ish o‘rinlari yaratilishi aholining bandligini oshirishga xizmat qiladi.

Rejalarga ko‘ra, zavodning ishga tushirilishi 2026-yilning uchinchi choragiga mo‘ljallangan bo‘lib, u Surxondaryo viloyatini respublikaning muhim sanoat markazlaridan biriga aylantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

Bo'lishish:
Text to speech