Avval xabar berganimizdek, “Uzbek Overseas Geology Company” MChJ bo‘lim boshlig‘i M.A. Hakimov rahbarligida Afg‘oniston Islom Amirligining Balx viloyatida joylashgan Muhammad Jandagar investision blokidagi MJ2001 profili hududida 2D seysmik qidiruv ishlarini samarali tashkil etish va amalga oshirish maqsadida keng qamrovli tajriba-sinov ishlari o‘tkazilgan edi. Ayni paytda mazkur loyihaning janubiy qismida, ya’ni 20002-piketdan boshlab 2D seysmik qidiruv ishlari boshlandi. Profilning umumiy uzunligi 60,0 pogon kilometrni tashkil etib, boshlanish qismi tog‘li va noqulay relyef sharoitida joylashgan.
Shunga qaramasdan, barcha ishlar yuqori darajada texnika xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilingan holda olib borilmoqda. Qiyin hududlarda buldozerlar yordamida yer tekislanib, seysmik tadqiqotlar uchun qulay shart-sharoit yaratildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida bugungi kunga qadar 17,75 pogon kilometr masofada seysmik qidiruv ishlari muvaffaqiyatli bajarildi. Loyiha doirasidagi barcha ishlar tasdiqlangan geologik-geofizik reja asosida izchil davom ettirilmoqda.