2024-yil 18-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Afg‘oniston Konchilik va neft vazirligi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi. Mazkur hujjatlar ikki mamlakat o‘rtasida geologiya-qidiruv ishlari va mineral xomashyo resurslarini o‘zlashtirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Bitimlar doirasida quyidagi yo‘nalishlar belgilandi:
Uglevodorod resurslari: Afg‘onistonning “Afg‘on-Tojik” neftgazli havzasi hududida joylashgan “Muhammad-Jandagar”, “Shamar” va “Ahmadabad” bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish.
Temir rudasi: Bomiyon viloyatidagi “Xesh” temir koni hududida tadqiqotlar o‘tkazish hamda zaxiralarni o‘zlashtirishning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish.
Mis konlari: Zobul viloyatidagi “Kandalan” istiqbolli maydonida geologik tadqiqot ishlarini olib borish va zaxiralardan foydalanish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqish.
Afg‘oniston hududida faoliyatni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish maqsadida Temir (Xesh), mis (Kandalan) va uglevodorod (Muhammad-Jandagar, Ahmadobod, Shamar) maydonlarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha “Harakatlar rejasi” ishlab chiqildi va Afg‘oniston Konchilik va neft vaziri Mulla Hidoyatulla Badriy tomonidan tasdiqlandi. Kompaniyaning Afg‘onistondagi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Qobul shahrida filiali ochildi. Afg‘onistonning temir xomashyo resurslarini hamkorlikda o‘rganish va o‘zlashtirish maqsadida “Milliy Rivojlanish Korporatsiyasi” bilan qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha bitim imzolandi. JORC kodlari talablari asosida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun “DMT Consulting” va “SRK Consulting” xalqaro kompaniyalarini jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Afg‘onistonlik yoshlarni O‘zbekiston Geologiya fanlari universitetida o‘qishga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab 15 nafar talaba va tinglovchilar bakalavriat, magistratura va malaka oshirish dasturlarida tahsil olishi rejalashtirilmoqda. A fg‘onistonning Xost, Logar, Hilmand va boshqa viloyatlaridagi qumtoshli uran maydonlarini birgalikda o‘rganish masalasi muhokama qilinmoqda. Geologiya-qidiruv ishlari jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal etish uchun Afg‘oniston Konchilik va neft vazirligidan rasmiy ma’lumotnoma (ruhsatnoma) olindi.
2025-yil 25-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Afg‘onistondagi mineral-xomashyo resurslarini o‘zlashtirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish belgilandi.
Kelgusida Afg‘onistonning Ko‘ndalang, Xesh, Muhammad-Jandagar, Ahmadobod va Shamar istiqbolli maydonlarida geologiya-qidiruv va geologik tadqiqot ishlari bo‘yicha bevosita shartnomalar imzolanishi kutilmoqda. Ushbu loyihalarning buyurtmachilari sifatida O‘zbekistonning yirik sanoat korxonalari – “Olmaliq KMK” AJ, “O‘zmetkombinat” AJ va “O‘zbekneftgaz” AJ belgilangan.