2025-yil 25-sentyabrda O‘zbekiston Geologiya va kon sanoati vazirligi, UOGC va NAMC kompaniyalari o‘rtasida imzolangan Hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom etmoqda.
2025-yil 23-noyabr kuni Iordaniya Qirolligining Amman shahrida Investitsiyalar departamenti boshlig‘i Botir Rustamov rahbarligidagi delegatsiya hamda UOGC mutaxassislari ishtirokida NAMC kompaniyasi bosh direktori janob Ayman Ayysh va kompaniya mutaxassislari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida Iordaniya hududidagi mis konlarining istiqbolli maydonlarida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihani ro‘yobga chiqarish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar texnik parametrlar, investitsiya imkoniyatlari va amaliy hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z takliflarini almashdilar.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, loyihaning keyingi bosqichlarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar o‘rganilishi va ekspertlar darajasida qo‘shma ishchi guruh tashkil etilishi belgilandi.
O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi ushbu tashabbus kelgusida geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda ikki mamlakat o‘rtasida texnik hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.