Kuni kecha “Uzbek Overseas Geology Company” kompaniyasi vakillari Mo‘g‘ulistondagi “ILCHIT KHURDAST LLC” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida ikki kompaniya o‘rtasida oltin hamda boshqa qimmatbaho va foydali qazilmalarni izlab topish va ularni iqtisodiy aylanmaga kiritish borasidagi istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
“ILCHIT KHURDAST LLC” kompaniyasi tomonidan avvalgi geologik qidiruv ishlari natijalarini tahlil qilish uchun geologik hisobotlarni taqdim etdi. Ushbu materiallar O‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan chuqur o‘rganilib, tegishli xulosalar chiqarilgandan so‘ng, hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilinishi belgilandi.
Bu tashrif va muzokaralar nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki siyosiy va strategik jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. Birinchidan, geologik qidiruv ishlari ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi, tashqi iqtisodiy hamkorlik geografiyasini kengaytiradi. Ikkinchidan, tabiiy resurslarni kashf etish va ularni qo‘shma tarzda o‘zlashtirish xalqaro maydonda O‘zbekistonning investisiyaviy va texnologik salohiyatini namoyon qiladi.
Kelgusida ushbu hamkorlik yangi ish o‘rinlarini yaratish, zamonaviy geologik texnologiyalarni joriy etish, mintaqada iqtisodiy barqarorlik va hamkorlik muhitini kuchaytirish, oltin va boshqa strategik qazilmalarning qo‘shma tarzda samarali o‘zlashtirilishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, bunday tashabbuslar O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy hamkorlikdagi obro‘sini yanada oshiradi va mamlakatning tabiiy resurslar sohasidagi global jarayonlarda faol ishtirokini ta’minlaydi.