Telegram
Instagram
Facebook

Yangiliklar

40

O‘zbekiston ilk bor Mining Week & MinePro 2025 xalqaro konchilik ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda

Mo‘g‘ulistonning poytaxti Ulan-Bator shahrida navbatdagi Mining Week & MinePro 2025 – to‘rtinchi xalqaro konchilik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu nufuzli anjuman konchilik sohasi bo‘yicha mintaqadagi eng yirik tadbirlardan biri sifatida e’tirof etiladi va u kon sanoatining bugungi yutuqlari hamda istiqboldagi imkoniyatlarini namoyish etishga xizmat qiladi.

Mazkur ko‘rgazmada ilk bor O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyasi keng ko‘lamda ishtirok etmoqda. Jumladan, Tog‘-kon sanoati vazirligi, "Navoiyuran" davlat korxonasi, "Uzbek Overseas Geology Company" xorijiy geologiya kompaniyasi, "Navoiy" KMK, "Olmaliq" KMK, "O‘zbekiston metallurgiya zavodi" hamda "O‘zbekiston Texnologik metallar kombinati" o‘z stendlari bilan qatnashib, mamlakatimizning boy tabiiy resurslari, ilg‘or geologiya-qidiruv ishlari, konchilikdagi zamonaviy texnologiyalar va ishlab chiqarish salohiyatini keng jamoatchilikka namoyish etmoqdalar.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston kompaniyalari xorijiy kompaniyalar bilan tanishuv uchrashuvlarini o‘tkazib, o‘z imkoniyatlari va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari haqida suhbatlashdilar.

Joriy yilda o‘tkazilayotgan Mining Week & MinePro ko‘rgazmasida 14 davlatdan 300 ga yaqin yirik va kichik kompaniyalar ishtirok etmoqda. Anjuman doirasida xalqaro konferensiyalar, panel muhokamalar, innovatsion taqdimotlar va kooperatsiya uchrashuvlari tashkil etilgan bo‘lib, ular konchilik sanoatida yuqori samaradorlikka erishish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda investitsiya muhitini yaxshilash masalalariga qaratilgan.

Mazkur nufuzli tadbir O‘zbekiston uchun o‘z konchilik va metallurgiya salohiyatini keng targ‘ib qilish, xorijiy investorlar va yetakchi kompaniyalar bilan uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sohada zamonaviy va innovatsion yondashuvlarni joriy etishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bo'lishish:
Text to speech