Telegram
Instagram
Facebook

Yangiliklar

76

ANIQLIK VA TARAQQIYOT YO‘LIDA: XALQARO GEOLOGIK LOYIHALARNING YANGI DAVRI

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 25-yanvardagi qaroriga muvofiq “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ va “O‘zbekgeofizika” AJ ta’sischiligida xorijiy davlatlarda geologiya-qidiruv va geologik tadqiqot ishlarini amalga oshirishga ixtisoslashgan “Uzbek Overseas Geology Company” MCHJ tashkil etildi. Ushbu qaror mamlakatimiz geologiya sohasida yangi bosqichni boshlab berib, foydali qazilmalarni qidirish va ularni sanoat miqyosida o‘zlashtirish bo‘yicha xalqaro maydonda faol ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirdi.

O‘zbekiston iqtisodiyotini zarur xomashyo resurslari bilan barqaror ta’minlash, yangi konlarni aniqlash va ularni samarali o‘zlashtirish bugungi kunda strategik ahamiyatga ega vazifalardan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan “Uzbek Overseas Geology Company” nafaqat geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshiruvchi tashkilot, balki ilg‘or texnologiyalar, raqamli yechimlar va innovatsion yondashuvlarni joriy etuvchi zamonaviy platforma sifatida shakllanmoqda.

Bugungi kunda kompaniya o‘z faoliyatini Mo‘g‘uliston Respublikasi, Afg‘oniston Islom Amirligi va Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi hududlarida amalga oshirmoqda. Bu O‘zbekistonning geologiya sohasidagi salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etib, iqtisodiy diplomatiyaning yangi yo‘nalishlarini shakllantirmoqda.

Afg‘oniston yo‘nalishidagi hamkorlik doirasida 2024-yil 18-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Afg‘oniston Konchilik va neft vazirligi o‘rtasida muhim kelishuvlar imzolandi. Ushbu kelishuvlar asosida “Afg‘on-Tojik” neft-gaz havzasida qidiruv ishlari, Bomiyon viloyatida temir rudalari zaxiralarini o‘rganish hamda Zobul viloyatida mis konlari bo‘yicha istiqbolli maydonlarni tadqiq etish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga Afg‘onistonda maxsus “Harakatlar rejasi” asosida qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yilgan.

Afg‘oniston bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri kadrlar tayyorlashdir. Bugungi kunga qadar 40 nafar afg‘onistonlik talaba O‘zbekiston Geologiya fanlari universitetida tahsil oldi. Bu esa mintaqaviy ilmiy integratsiya va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, Afg‘oniston Islom Amirligining Balx viloyatida joylashgan Muhammad Jandagar investitsion blokining MJ2001-sonli profili hududida 2D seysmik qidiruv ishlarini samarali tashkil etish va amalga oshirish maqsadida keng qamrovli tajriba-sinov ishlari o‘tkazildi. Ushbu tajriba-sinov ishlarining asosiy maqsadi – hududning geologik tuzilishini chuqur o‘rganish, neft va gaz salohiyatiga ega bo‘lgan istiqbolli qatlamlarni aniqlash, shuningdek, 2D seysmik tadqiqot ishlarini olib borishda qo‘llaniladigan zamonaviy geofizik uskunalar va texnologiyalarning samaradorligini baholashdan iborat bo‘ldi. Tajriba-sinov jarayonida seysmik maʼlumotlarni yig‘ish, ularni dastlabki qayta ishlash va tahlil qilish ishlari yuqori aniqlikda amalga oshirildi. Keng qamrovli tajriba-sinov ishlari natijasida 20002-piketdan boshlab 2D seysmik qidiruv ishlari boshlandi. Profilning umumiy uzunligi 60,0 pogon kilometrni tashkil etib, boshlanish qismi tog‘li va noqulay relyef sharoitida joylashgan. Qiyin hududlarda buldozerlar yordamida yer tekislanib, seysmik tadqiqotlar uchun qulay shart-sharoit yaratildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida bugungi kunga qadar 17,75 pogon kilometr masofada seysmik qidiruv ishlari muvaffaqiyatli bajarildi.

O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Amirligi o‘rtasidagi Davlatlararo Bitim doirasida “Uzbek Overseas Geology Company” kompaniyasi “Muhammad-Jandagar” investitsiya blogida 2D usulida kompleks seysmik qidiruv ishlarini olib bormoqda. Loyihadan ko‘zlangan maqsad – mintaqaning geologik tuzilishini mofassallash va uglevodorod resurslarini o‘zlashtirish uchun istiqbolli ob’ektlarni aniqlashdan iborat. Hozirgi vaqtga qadar geologik-geofizik ma‛lumotlarni umumlashtirish va tahlil qilish asosida paleogen yotqiziqlarining (Buxoro gorizonti) strukturaviy-tektonik modeli ishlab chiqildi.

Tadqiqotlar natijasida asosiy tektonik elementlarning chegaralari aniqlashtirildi va hududning neft-gazga boylik salohiyati yuqori ekanligi tasdiqlandi.

Bugungi kunda bo‘r va yura davri yotqiziqlari bo‘yicha arxiv hamda yangi ma’lumotlarni raqamli muhitga integratsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda. Bashoratlarning yuqori aniqligini ta‛minlash maqsadida maxsus dasturiy majmuada quduq ma‛lumotlarining yagona bazasi shakllantirilmoqda.

“Uzbek Overseas Geology Company” MCHJ 2026-yil 1-choragida Pokistonning Habib Rafiq Enginnering Pvt. Ltd. kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi

HRL delegatsiyasiga O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan natijalar taqdimot qilindi. O‘z navbatida mehmonlar Pokistondagi foydali qazilmalarni o‘zlashtirishda O‘zbekiston tajribasidan foydalanishga va bu borada hamkorlikda ishlashga qiziqish bildirdi. Shuningdek, “HRL” hamda “UOGC” o‘rtasida “yo‘l xaritasi”ni imzolash masalalarini muhokama qilindi.

Bu kabi keng qamrovli faoliyat faqat iqtisodiy samara bilan cheklanib qolmay, balki ilmiy, texnologik va diplomatik hamkorlikni ham mustahkamlamoqda. Geologiya bugungi kunda faqat konlarni izlash emas, balki davlatlar o‘rtasida ishonch, hamkorlik va barqaror rivojlanishni ta‛minlovchi strategik sohaga aylanmoqda.

“Uzbek Overseas Geology Company” MCHJ O‘zbekistonning geologiya sohasidagi yangi qiyofasini shakllantirib, xalqaro loyihalar orqali iqtisodiy o‘sish, ilmiy taraqqiyot va diplomatik ishonchni birlashtiruvchi muhim platforma sifatida faoliyat yuritmoqda.

Hurmatli hamkasblar va sohadoshlar!

“Uzbek Overseas Geology Company” MCHJ jamoasi nomidan barchangizni Butunjahon metrologiya kuni munosabati bilan samimiy tabriklaymiz!

Barcha metrologiya va geologiya sohasi mutaxassislariga mustahkam sog‘liq, ilmiy izlanishlarda ulkan yutuqlar va yangi kashfiyotlar tilaymiz. Faoliyatingiz doimo aniqlik, ishonch va taraqqiyotga xizmat qilsin!

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

“Uzbek Overseas Geology Company” MChJ,
Bosh direktori
Hayitboy Omonov

Bo'lishish:
Text to speech