Telegram
Instagram
Facebook

Yangiliklar

58

O‘zbekiston delegatsiyasi Eron Islom Respublikasida tashrif bilan bo‘ldi

2025-yil 26–28-oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha maslahatchisi, “Uzbek Overseas Geology Company” MChJ Kuzatuv kengashi raisi B. Narmatov hamda kompaniya bosh direktori o‘rinbosari A. Mirabdullayevlardan iborat delegatsiya Eron Islom Respublikasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida delegatsiya O‘zbekiston Respublikasining Erondagi elchixonasi iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi A. Nоsirov ishtirokida Eron Sanoat, konlar va savdo vazirligi, “IMIDRO”, “GSI” va “IMPRK” kabi yirik davlat tashkilotlari hamda bir qator xususiy kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlarda:
qora metall prokati ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun birlamchi temir xomashyosini yetkazib berish,
rangli va qimmatbaho metallar, jumladan mis va sinkni qazib olish hamda qayta ishlash,
geologik tadqiqotlar, ilmiy-texnik loyihalar va ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirish,
qo‘shma ishlab chiqarish va texnologik almashinuvni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Tashrifning birinchi kuni “Mashiran” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda geologik qidiruv ishlaridan keyingi bosqich – foydali qazilmalarni qazib olish va boyitish jarayonlari, sink, mis va temir rudalarini qayta ishlash uchun fabrikalar qurish ketma-ketligi bo‘yicha taqdimot namoyish etildi. Tomonlar takliflarni o‘rganib, hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Tashrifning ikkinchi kuni Eron Sanoat, tog‘-kon va tijorat vaziri o‘rinbosari, GSI rahbari Dariyush Esmoiliy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida ilmiy-tadqiqot geologik izlanishlarni 1:50000 masshtabda amalga oshirish va qo‘shma loyiha ishlab chiqish bo‘yicha suhbatlashildi. Mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzilib, bir hafta muddatda O‘zbekiston tomonidan takliflar taqdim etilishi belgilandi.
Shuningdek, “IMIDRO” tashkiloti bosh direktori Mohammad Masoud Samieinejad bilan uchrashuvda O‘zbekistonga metall xomashyosini yetkazib berish masalalari muhokama qilindi. “IMPRK” mineral resurslar markazi direktori Ziaeddin Pourkarimiy bilan uchrashuvda esa ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlik, oltin namoyonlarini o‘rganish hamda metall ajratib olish texnologiyalarini ishlab chiqish va tijoratlashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Tashrif doirasida “TEHRAN NIKA Co.LTD” va “IRITEC” kompaniyalari bilan ham muzokaralar o‘tkazilib, geologik qidiruv ishlari hamda sinkni ajratib olish va qayta ishlash fabrikasi loyihasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Bo'lishish:
Text to speech