Joriy yil 16–22-sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari R. Yusupov rahbarligidagi vazirlik delegatsiyasi Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi poytaxti Amman shahrida xizmat safarida bo‘ldi. Safarda “Navoiyuran” DK, “O‘zbekiston TMK” AJ va “Uzbek Overseas Geology Company” MChJ mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Iordaniya Energetika va mineral resurslar vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv va muzokaralarda qo‘shma loyihalar, geologiya-qidiruv ishlarini samarali tashkil etish va hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Shuningdek, Iordaniyaning “NAMC” kompaniyasi bilan mis, nodir metallar hamda sanoat uchun muhim bo‘lgan minerallar sohasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish maqsadida tegishli yo‘l xaritasi va memorandum imzolandi.
Tashrif davomida “JUMCO” kompaniyasi va “Navoiyuran” DK mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tomonidan uranga istiqbolli maydonlar joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Natijada ikki mamlakat vazirliklari va Iordaniyaning “NAMC”, “JUMCO” kompaniyalari ishtirokida qo‘shma ishchi guruh tuzildi. Shuningdek, uran, kritik va rangli metallarga oid istiqbolli maydonlar bo‘yicha birlamchi geologik ma’lumotlar olindi hamda ularni chuqur o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi.